Jahon banki sunʼiy intellekt, tadbirkorlik va bozorlar sohasida inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan ALEM loyihasini amalga oshirish uchun Qozogʻistonga 75 mln dollar (11,9 mlrd iyen) miqdorida qarz ajratadi.
Loyiha SI boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash hamda 800 ta startapni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan. Raqamli kadrlar bazasini kengaytirish, hisoblash resurslaridan foydalanish imkoniyatini oshirish, robototexnikada prototiplash infratuzilmasini rivojlantirish hamda venchur kapitali taqchilligini kamaytirish (oʻsayotgan kompaniyalar uchun yiliga 20–25 mln dollar deb baholanmoqda) orqali ushbu tashabbus 10 mingta ish oʻrni yaratishi kutilmoqda.
Dastur har yili 5 mingdan ortiq kishini SI, Data Science va mashinaviy oʻrganish asoslariga oʻqitishni koʻzda tutadi. 2031-yil dekabriga kelib loyiha 28 ming kishiga chuqurlashtirilgan tayyorgarlik dasturlaridan oʻtishga yordam berishi, pre-seed, seed bosqichlarida hamda global akseleratorlar doirasida 800 ta startapni qoʻllab-quvvatlashi, 50 dan ortiq kompaniyaga venchur investitsiyalarini jalb qilishi va kamida 60 mln dollar xususiy kapitalni safarbar etishi kerak. Umumiy summadan 20 mln dollari Alem Capital Management boshqaruvidagi maxsus fondlar fondiga yoʻnaltiriladi.
Loyiha Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi tomonidan Astana Hub hamda Alem Capital Management bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.