Qozogʻistonda firibgarlik kreditlari soni 2024-yildagi 8,7 mingdan 2026-yilda 1,9 minggacha qisqardi. Bu haqda banklar va mikromoliya tashkilotlari bilan uchrashuvda ARRFR raisi Madina Abilqasimova maʼlum qildi, deb yozadi Kapital.kz.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, regulyator moliya tashkilotlari mijozlarni aynan qanday himoya qilayotganini tekshirmoqchi. ARRFR shubhali operatsiyalarni bloklashda ularning haqiqiy samaradorligini baholash uchun banklarning antifrod tizimlarida mustaqil audit oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
Hozirda kredit byurolari Milliy bankning antifrod markaziga ulangan boʻlib, kredit olish uchun koʻplab arizalar haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida uzatmoqda. Banklarning oʻzlari ham oʻz mobil ilovalarida sessiyali antifrodni joriy qilgan. Sovish davri, majburiy biometrik identifikatsiya va birinchi kreditni olishda shaxsan ishtirok etish talabi qoʻshimcha toʻsiqlar boʻldi.
Bozordagi pasayish va shikoyatlar
Garovsiz kreditlar berish qoidalarining qatʼiylashtirilishi bozorning umumiy koʻrsatkichlariga taʼsir qildi. Kredit portfelining yillik oʻsish surʼati qariyb ikki barobarga pasaydi: 2025-yil avgustidagi 14,6 foizdan 2026-yil avgustida 7,5 foizgacha.
Shu bilan birga, qarzdorlikni tartibga solish fuqarolar murojaatlarining asosiy sababi boʻlib qolmoqda. 2026-yilning toʻqqiz oyi davomida ARRFR 144,3 mingta shikoyatni koʻrib chiqdi. Ularning qariyb yarmi (48%) banklarga, uchdan bir qismi (33%) mikromoliya tashkilotlariga, yana 9 foizi kollektorlarga toʻgʻri keladi.
Nizolar bilan ishlashni avtomatlashtirish maqsadida regulyator barcha bosqichlarni FinKomek raqamli platformasida birlashtirishni topshirdi. Tizim arizalarni kreditorga yoki moliya ombudsmaniga yoʻnaltiradi va qarorlar ijrosi muddatlarini nazorat qiladi.