Oʻzbekiston Markaziy banki, tijorat banklari, toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimlari operatorlari bank kartalari bloklanishi sabablari toʻgʻrisida maʼlumot almashish uchun InfoCards tizimini joriy qildi.
Tizim kartani qaysi huquqni muhofaza qiluvchi organ, qachon va qanday sababga koʻra bloklaganini tezda aniqlash imkonini beradi. Ilgari fuqarolar Markaziy bankka murojaat qilishlari kerak boʻlgan boʻlsa, endi ular maʼlumotni kartaga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankining oʻzidan olishlari mumkin. Bank InfoCards orqali zarur maʼlumotlarni topadi va bloklanish sababini tushuntiradi. Tizim fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqishni soddalashtirish, maʼmuriy yuklamani kamaytirish hamda bank xizmatlarining tezkorligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan.