Oʻzbekistonning davlat va aralash banklari balansidagi aktivlarni xaridorlari 2030-yil 1-yanvarga qadar toʻliq toʻlov amalga oshirilgan paytdan boshlab 12 oy muddatga mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha imtiyozga ega boʻladilar.
Imtiyoz prezident Shavkat Mirziyoyevning 28-avgustdagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish toʻgʻrisidagi farmoni bilan joriy etildi. U qarzlar evaziga banklar tasarrufiga oʻtgan aktivlarga hamda davlat ulushi 50% dan yuqori boʻlgan investitsiya kompaniyalari aktivlariga tatbiq etiladi. Shu bilan birga, farmon savdolarni tezlashtirishni nazarda tutadi: muddatlar 30 kundan 15 kunga qisqartirildi, takroriy savdolar esa 10 kun oʻrniga 5 kundan keyin oʻtkaziladi. Agar aktiv uch oy davomida sotilmasa, uning boshlangʻich narxi bosqichma-bosqich 10% dan dastlabki qiymatining eng kamida 10% igacha pasaytiriladi.