2026-yil 22–23-oktabr kunlari Dushanbe shahrida besh mamlakat markaziy banklari vakillarining mintaqaviy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar yil oxiriga qadar milliy QR-toʻlov platformalarining oʻzaro ishlash mexanizmini ishlab chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Spot.uz Qozogʻiston Milliy banki maʼlumotlariga tayanib.
Muhokamada Qozogʻiston Milliy banki, Qirgʻiziston Milliy banki, Tojikiston Milliy banki, Oʻzbekiston Markaziy banki va Ozarbayjon Markaziy banki vakillari ishtirok etishdi.
Integratsiya sozlangach, ushbu mamlakatlar fuqarolari sayohat davomida oʻz bankining mobil ilovasi orqali QR-kod yordamida xaridlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishlari va pul oʻtkazishlari mumkin boʻladi. Transchegaraviy QR-toʻlovlarni ishga tushirishning aniq muddatlari hozircha eʼlon qilinmagan.
Uchrashuvda Qozogʻiston Milliy banki raqamli moliya infratuzilmasi, jumladan, raqamli tenge, ochiq banking va Milliy antifrod-markazi ustida olib borilgan ishlar natijalarini ham taqdim etdi. Transchegaraviy xizmatlarni rivojlantirish mahalliy tizimlarni yangilash bilan parallel ravishda olib borilmoqda: avvalroq Oʻzbekiston jismoniy shaxslar oʻrtasidagi pul oʻtkazmalari uchun yagona toʻlov infratuzilmasini ishga tushirishni eʼlon qilgan edi.