Oʻzbekiston Markaziy banki tijorat banklari, toʻlov tashkilotlari va fintex-servislarda antifrod tizimlarining ishlashiga doir umumiy talablar loyihasini tayyorladi. Spot.uz yozishicha, hujjat normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida eʼlon qilingan.
Yangi qoidalarga koʻra, har bir tranzaksiya real vaqt rejimida skoringdan oʻtadi. Tizim operatsiyani uchta xavf darajasidan biriga kiritadi. Past xavf holatida toʻlov kechikishlarsiz amalga oshiriladi. Oʻrtacha xavfda — servis mijozdan qoʻshimcha tasdiqlashni soʻraydi. Yuqori xavf darajasidagi tranzaksiyalar avtomatik ravishda bloklanadi.
Regulyator antifrod tizimlarining tunu kun ishlashini va barcha masofaviy xizmat koʻrsatish kanallarini qamrab olishini talab qilmoqda. Banklar va fintex-kompaniyalar shubhali operatsiyalar mezonlarini kamida har chorakda bir marta qayta koʻrib chiqishga va ularni yangi firibgarlik sxemalariga moslashtirishga majbur.
Shikoyatlar uchun qatʼiy muddatlar
Alohida blok mijozlar bilan ishlashga bagʻishlangan. Agar operatsiya rad etilsa, servis foydalanuvchiga sababi va tavsiyalar koʻrsatilgan xabarnoma yuborishi kerak.
Kompaniyalar shubhali yechib olishlar boʻyicha shikoyatlarni koll-markazlar, saytlar yoki ilovalar orqali tunu kun qabul qilishga majbur. Arizani qabul qilinganligini tasdiqlash uchun 30 daqiqa, dastlabki tekshiruv uchun bir sutka, yakuniy javob uchun esa besh kalendar kuni ajratiladi. Murakkab holatlar uchun muddat 20 kungacha uzaytirilishi mumkin.
Yirik hodisalar — maʼlumotlarning ommaviy ravishda oshkor boʻlishi yoki antifrod tizimining oʻzi uzilib qolishi holatlarida bozor ishtirokchilari toʻrt soat ichida Markaziy bankni xabardor qilishlari kerak. Kompaniyalar barcha tekshiruvlar va qabul qilingan qarorlar tarixini shifrlangan holda kamida besh yil saqlaydi.
Markaziy bank firibgarlikka qarshi kurashni banklarning ichki siyosati doirasidan mijozlar va regulyatorga javob berish vaqti boʻyicha aniq SLAga ega boʻlgan qatʼiy tartibga solinadigan jarayonga oʻtkazmoqda.
Loyihaning jamoatchilik muhokamasi 2026-yil 9-oktabrgacha davom etadi. Hujjat yakuniy tasdiqlanganidan keyin uch oy oʻtgach kuchga kiradi.