@centralbankuzbekistan Telegram-kanali maʼlumotlariga koʻra, Markaziy bank tijorat banklari amaliyotida omonatchilarning oʻz mablagʻlarini qaytarib olish huquqini cheklovchi depozit shartnomasi shartlarini aniqladi.
Tijorat banklarining depozit mahsulotlarini tekshirish chogʻida regulyator ommaviy tartibsizliklar, mitinglar, koʻcha namoyishlari, qurolli toʻqnashuvlar yoki toʻlovga qobiliyatsizlik davrida bank omonatchining mablagʻlarini muddatidan oldin qaytarish boʻyicha javobgarlikni oʻz zimmasiga olmasligini nazarda tutuvchi shartlarni aniqladi.
Oʻzbekistonning amaldagi qonunchiligiga binoan, bank depozit turidan qatʼi nazar, omonatchining talabiga koʻra depozitni yoki uning bir qismini qaytarishga majburdir. Isteʼmolchilarning huquqlarini cheklovchi va qonunga zid boʻlgan shartlar haqiqiy emas deb topiladi.
Markaziy bank tijorat banklaridan depozit shartnomalarini qonunchilikka muvofiqlashtirishni talab qildi.