Oʻzbekiston Markaziy banki raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilov kreditlar va depozitlar boʻyicha foiz stavkalari 3–4 yil ichida bosqichma-bosqich pasayishi mumkinligini bildirdi.
Kreditlar boʻyicha oʻrtacha stavkalar 2025-yilning avgustiga nisbatan bir yil ichida allaqachon 2–3 foiz bandiga pasaygan, deya taʼkidladi Achilov 4-noyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida. Banklar yillik 18 foizdan yuqori stavkadagi depozitlarni borgan sari kamroq taklif qilmoqda.
Achilov yuqori stavkalarni 2017-yildagi iqtisodiyot liberallashtirilishidan keyin kreditlarga yigʻilib qolgan talab va avvalgi yillarda ichki jamgʻarmalar hajmining yetarli boʻlmagani bilan izohladi. Hozirda kredit bozori asta-sekin toʻyinmoqda, banklarning oʻsib borayotgan depozit bazasi esa kreditlash uchun qoʻshimcha manbalar yaratmoqda, bu esa stavkalarning pasayishiga xizmat qilishi kerak.