1-noyabrdan boshlab Oʻzbekistonda xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini rasmiylashtirish uchun bojxona yigʻimi 20 foizga — har bir kilogramm vazn uchun 8800 soʻmdan 7040 soʻmga pasayadi.
Ushbu pasayish prezident Shavkat Mirziyoyevning transport-logistika sohasini rivojlantirishga oid 12-oktabrdagi qarorida (PQ-368) koʻzda tutilgan. Yigʻim stavkasi amaldagi 2 foiz oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining 1,6 foizini tashkil etadi.
Vazni 5 kg boʻlgan joʻnatma uchun yigʻim 44 mingdan 35,2 ming soʻmgacha, 10 kg uchun esa 70,4 ming soʻmgacha kamayadi. Toʻlov bojxona organlari tomonidan barcha xalqaro kuryerlik joʻnatmalaridan undiriladi.