Oʻzbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) qimmatli qogʻozlar emitentlari reytingi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazildi va 2026-yil 18-dekabrda kuchga kiradi.
Yangi mexanizm kompaniyalarni shaffoflik darajasi, korporativ qonunchilikka rioya etishi va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilishi boʻyicha baholash imkonini beradi. Spot.uz xabar berishicha, reytingni kapital bozori regulyatori maqomida ILMA yuritadi.
Baholash tizimi qanday ishlaydi
Reyting jarima ballari tizimiga asoslanadi. Regulyator yetti turdagi qoidabuzarliklarni belgiladi, ularning har biri uchun kompaniya jazo oladi:
- ILMA koʻrsatmalarini bajarmaslik — 30 ball;
- hisobot topshirish muddatlarini buzish — 15 ball;
- muhim faktlarni oshkor qilmaslik — 15 ball;
- qimmatli qogʻozlar boʻyicha daromadlarni toʻlamaslik — 10 ball;
- notoʻgʻri maʼlumot taqdim etish — 10 ball;
- korporativ meʼyorlarni buzish (masalan, yigʻilishlar oʻtkazish tartibi) — 10 ball;
- yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklar boʻyicha asosli shikoyatlar — 5 dan 10 ballgacha.
Natijalar har chorakda Yagona korporativ axborot portalida (YKAP) eʼlon qilinadi. Bunda yillik hisobotni baholash yakunlari keyingi yilning ikkinchi choragi uchun reytingni hisoblashda hisobga olinadi.
Toifalar va sanksiyalar
Toʻplangan jarima ballariga qarab emitentlar toʻrtta toifaga boʻlinadi: A (10 ballgacha), B (15–25 ball), C (50–60 ball) va D (65–100 ball).
Har bir guruh uchun oʻziga xos taʼsir choralari koʻzda tutilgan. B toifasidagi kompaniyalar YKAPdagi shaxsiy kabinet orqali kamchiliklarni bartaraf etish talabi bilan ogohlantirish oladi.
Xavf darajasi yuqori boʻlgan emitentlarga regulyator qatʼiy cheklovlar qoʻllaydi. C guruhidagi kompaniyalarga qimmatli qogʻozlarning yangi chiqarilishlarini roʻyxatdan oʻtkazish rad etilishi mumkin. D toifasi uchun qogʻozlarning birjadagi muomalasini toʻxtatib turish yoki chiqarilgan obligatsiyalarni muddatidan oldin soʻndirish talabi koʻzda tutilgan.
Kompaniyalarda baholash eʼlon qilinganidan keyin uning ustidan shikoyat qilish uchun besh ish kuni boʻladi. Agar regulyator bilan kelishmovchiliklar saqlanib qolsa, emitent sudga murojaat qilishi mumkin.
Ommaviy reytingning joriy etilishi fond bozori ustidan nazoratni bir martalik jarimalardan investorlar uchun xavflarni tizimli baholashga oʻtkazadi.