spot.uz maʼlumotlariga koʻra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Oʻzbekiston, YEOII mamlakatlari va mintaqadagi boshqa bir qator davlatlarga 1 mln rubldan ortiq naqd rublni olib chiqishni taqiqlovchi farmonni imzoladi.
Cheklov Belarus, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Armaniston, Ozarbayjon, Tojikiston va Oʻzbekistonga nisbatan tatbiq etiladi. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga summasidan qatʼi nazar naqd rubl olib chiqish taqiqlanadi.
Jismoniy shaxslar uchun istisnolar koʻzda tutilgan: mablagʻ hisobdan yoki omonatdan yechib olinganini tasdiqlovchi bank koʻchirmalari mavjud boʻlganda, 1 mln rubldan ortiq summani Rossiyaning muayyan xalqaro aeroportlari orqali olib chiqish mumkin. Yuridik shaxslar uchun esa istisno joʻnash va yetib borish punkti Rossiyadan tashqarida boʻlgan xalqaro tashuvlar vaqtida koʻzda tutilgan.
Taqiq buzilgan taqdirda, jismoniy shaxslardan 1 mln rubldan oshgan summa musodara qilinadi. Yuridik shaxslar va YaTTlardan esa olib chiqilayotgan barcha naqd valyuta olib qoʻyiladi. Rossiya hukumati Markaziy bank bilan birgalikda uch oy ichida naqd rublni hisobga olish tartibini tasdiqlashi lozim.