Qozogʻiston moliyaviy bozorni tartibga solish agentligi “Stop-kredit” xizmati orqali kreditlarga ixtiyoriy taqiq oʻrnatgan mijozga banklar va mikromoliya tashkilotlari qanday shartlarda qarz berishi mumkinligiga aniqlik kiritdi.
Regulyator “Stop-kredit” faol boʻlgan taqdirda moliya tashkiloti qarz berishni rad etishi shartligini, ammo qonunchilikda istisnolar koʻzda tutilganini eslatdi. Bank qarzlari uchun taqiq tovar krediti, ichki qayta moliyalashtirish, karta boʻyicha 648 750 tengedan oshmaydigan qayta tiklanuvchi kredit limiti hamda soliqlar yoki jarimalarni toʻlash uchun beriladigan qarzlarga nisbatan amal qilmaydi. Mikrokreditlar tovarlar va xizmatlar uchun toʻgʻridan-toʻgʻri sotuvchiga toʻlov qilish, oʻsha tashkilotning oʻzida qayta moliyalashtirish va soliqlarni toʻlash uchun berilishi mumkin. Lombardtashkilotlarining mikrokreditlariga esa “Stop-kredit” tatbiq etilmaydi.
Agar qarz taqiqni buzgan holda berilgan boʻlsa, moliya tashkiloti qarzdorlikni hisobdan chiqarishi, kredit tarixiga tuzatish kiritishi va undirilgan mablagʻlarni qaytarishi shart.