spot.uz nashrining Bloomberg agentligiga tayanib xabar berishicha, Avstriyaning Raiffeisen Bank International guruhi Markaziy Osiyoni yangi oʻsish yoʻnalishi sifatida koʻrib chiqmoqda va mintaqada aktivlarni sotib olish imkoniyatlarini oʻrganmoqda.
RBI bosh direktori Mixael Xyollerer yaqin haftalarda yangilangan strategiyani taqdim etishi kutilmoqda. Qozogʻiston va mintaqaning boshqa mamlakatlari yangi oʻsish bozorlari sifatida koʻrsatilishi mumkin. Anonim manbalarning soʻzlariga koʻra, bank hozircha sotib olinishi mumkin boʻlgan aniq obyektlar bilan muzokaralar olib bormayapti.
Raiffeisen guruhining Markaziy Osiyoga ehtimoliy kirishi avstriyalik sudning Rasperia Trading kompaniyasidan (ilgari tadbirkor Oleg Deripaska bilan bogʻlangan) aktivlarni oʻtkazish boʻyicha sirtdan chiqargan qarori natijasida olingan €3,15 mlrd ($3,6 mlrd) toʻlov bilan quvvatlanishi mumkin.
Oʻzbekistonda bank 2025-yil dekabridan buyon qimmatli qogʻozlar boʻyicha hisob-kitoblar uchun xorijiy nominal saqlovchi sifatida kapital bozori “qumxonasi”da ishtirok etib kelmoqda. Qozogʻistonda esa Raiffeisen kichik lizing biznesi orqali faoliyat yuritadi.