AQShda Oʻzbekistonning Humo va Uzcard toʻlov tizimlari bank kartalariga pul oʻtkazmalari uchun moʻljallangan hamda oʻzbekistonlik Xusrav Mahmudov va Akmal Abdullayev tomonidan Nyu-Yorkda yaratilgan uPay.net servisi ish boshladi.
Platforma ilgari foydalanuvchilarga Oʻzbekistondagi mobil aloqa, internet va kommunal xizmatlar uchun masofadan toʻlov qilish imkonini bergan edi. Kompaniya AQSh va Oʻzbekistonning moliyaviy tartibga solish talablariga rioya etilishini, tranzaksiyalar xavfsizligini hamda zarur bank va komplayens infratuzilmasi yaratilganini maʼlum qildi. AQShdan oʻtkazmalarning yoʻlga qoʻyilishi loyihaning birinchi bosqichi sifatida qaralmoqda; tashkilotchilar oʻtkazmalar geografiyasini kengaytirishni va yangi moliyaviy vositalarni ulashni rejalashtirmoqda.

