Oʻzbekiston Markaziy banki xabariga koʻra, mamlakat 2026-yilning dastlabki toʻqqiz oyida pul oʻtkazmalari koʻrinishida $15,17 mlrd qabul qilib olgan, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 8,9% ga koʻpdir.
$1,24 mlrdlik oʻsishning asosiy qismi yilning birinchi yarmiga toʻgʻri keldi, bu davrda pul oʻtkazmalari yillik hisobda 13% ga oshgan edi. Uchinchi chorakda esa oʻsish surʼati 2,9% gacha sekinlashdi. Oʻzbekistondan chiquvchi pul oʻtkazmalari toʻqqiz oyda $1,95 mlrdni tashkil etdi, bu oʻtgan yilning shu davridagi $1,93 mlrdga teng koʻrsatkich bilan deyarli bir xildir.
Rossiya Oʻzbekiston fuqarolari uchun eng yirik mehnat bozori boʻlib qolmoqda, biroq uning oʻtkazmalardagi ulushi 2025-yilning birinchi choragidagi 77,6% dan 2026-yilning birinchi choragida 72,4% gacha kamaydi. Oʻzbekiston fuqarolarining ishlash maqsadida Rossiyaga safarlari soni 13,2% ga kamayganiga qaramay, 2026-yilning birinchi yarmida Rossiyadan pul oʻtkazmalari 8,8% ga oshgan.
Oʻzbekiston oʻz fuqarolarini boshqa davlatlarda ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida Buyuk Britaniyadan oʻtkazmalar 62% ga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan — 27% ga, AQShdan esa — 19% ga oʻsdi.