Qozogʻistonda pul oʻtkazmalari tizimlari orqali amalga oshirilgan xalqaro pul oʻtkazmalari hajmi iyuldagi 56,4 mlrd tengedan avgustda 27,9 mlrd tengega tushib ketdi — bu 2020-yil aprelidan beri eng past koʻrsatkichdir.
Yillik hisobda pasayish yanada sezilarli boʻldi: 2025-yilning avgustida bu hajm 72,7 mlrd tengeni tashkil etgan edi, yaʼni bir yil ichida koʻrsatkich 2,6 baravarga tushib ketgan. Qozogʻistonga pul oqimi ham qisqardi: avgust oyida xorijdan 12,2 mlrd tenge kelib tushdi, iyulda bu koʻrsatkich 15,9 mlrd tenge, bir yil oldin esa 20,9 mlrd tenge boʻlgan edi.
Eng keskin pasayish Rossiyaga oʻtkazmalarda yuz berdi: iyuldagi 17,1 mlrd tengedan avgustda 1,2 mlrd tengegacha — 14,3 baravar qisqarish. Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari 39,5% ga kamayib, 12,3 mlrd tengeni tashkil qildi. Teskari yoʻnalishda esa Rossiyadan tushumlar 11,9 baravarga kamaydi: 2,9 mlrd tengedan 239,2 mln tengegacha.
Avgustdagi keskin qisqarish «Zolotaya Korona» tizimi atrofidagi cheklovlarga toʻgʻri keldi. 24-iyul kuni Qozogʻiston banklari ushbu tizim orqali oʻtkazmalarning vaqtincha toʻxtatilganini maʼlum qila boshladi, 24-iyulda esa «Zolotaya Korona» operatori va hisob-kitob markazi hisoblangan RNKO «Platyojniy sentr» Yevropa Ittifoqining sanksiyalar roʻyxatiga kiritildi.