Vengriyaning OTP Bank bank guruhi va Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlatning “Ipoteka-bank”dagi soʻnggi ulushi — 17,5% aksiyalarini sotish boʻyicha qoʻshimcha kelishuv imzoladi. Bu haqda vazirlik 21-noyabr kuni maʼlum qildi, deb yozadi Spot.
OTP Bank 2023-yil iyun oyidan beri “Ipoteka-bank”ning nazorat paketiga egalik qiladi; hozirda davlat ixtiyorida bankning 17,5% aksiyalari qolgan.
Tomonlar nimani imzoladilar
Qoʻshimcha kelishuv 2022-yil dekabr oyidagi aksiyalarni oldi-sotdi shartnomasini toʻldiradi. Hujjat davlatda qolgan 17,5% aksiyalarni sotib olish shartlarini belgilaydi — bu bankni xususiylashtirishning ikkinchi bosqichidir.
Dastlabki shartnoma xususiylashtirishni ikki bosqichda amalga oshirishni nazarda tutgan boʻlib, ikkinchi bosqichdagi sotib olish narxini birinchi bosqich natijalarini hisobga olgan holda belgilash rejalashtirilgan edi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi birinchi bitimdan keyingi toʻrt yil ichida bankning moliyaviy koʻrsatkichlari va Oʻzbekiston iqtisodiyotida “sezilarli yaxshilanish” kuzatilganini taʼkidladi.
“Ushbu oʻzgarishlarni hisobga olgan holda, tomonlar bir qator shartlarni oʻzgartirishni nazarda tutuvchi aksiyalarni sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga qoʻshimchani imzoladilar va “Ipoteka-bank”ni xususiylashtirishning ikkinchi bosqichini yaqin kelajakda yakunlashga kelishib oldilar”, — deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabarida.
Bankni xususiylashtirish qanday kechdi
2023-yil iyun oyida OTP Bank “Ipoteka-bank”dagi 73,71% davlat ulushini 324 mln dollarga sotib olish boʻyicha bitimni yakunladi. Oʻshanda bank keyingi uch yil ichida yana 25% aksiyalarni sotib olish va oʻz ulushini 98% ga yetkazish rejalari haqida eʼlon qilgan edi.
2024-yil yozida OTP Bank “Ipoteka-bank”ning minoritar aksiyadorlariga oʻz ulushlarini — jami 1,3% aksiyalarni sotishni taklif qildi. Bank oddiy aksiyani 1,1 soʻmga, imtiyozli aksiyani esa 3 soʻmga baholadi.
Endilikda hozircha davlatga tegishli boʻlgan qolgan 17,5% aksiyalar bitim obyekti boʻldi. Tomonlar bitimni yopishning aniq sanasini maʼlum qilmadilar.