Qozogʻiston Milliy banki firibgarlar goʻyoki QMB nomidan soxta xatlar yuborib, pullarni xavfsiz qaytarish yoki pul oʻtkazmalarini roʻyxatdan oʻtkazish bahonasida mablagʻ oʻtkazishni taklif qilayotgan holatlar koʻpaygani haqida xabar berdi.
Firibgarlar QMBning firma blankalaridan foydalanib, oʻzlarini bank yoki Qozogʻiston Respublikasi Moliyaviy monitoring agentligi xodimlari sifatida tanishtirmoqda. Ular xatlarda qabul qiluvchi firibgarlik qurboni boʻlganini maʼlum qiladi yoki pul oʻtkazmasi kelib tushgani haqida xabardor qilib, goʻyoki mablagʻlarni roʻyxatdan oʻtkazish va deklaratsiyalash uchun maʼlum bir summani toʻlashni talab qiladi. Hujjatlardagi elektron raqamli imzo va muhr belgilangan talablarga javob bermaydi.
Milliy bank jismoniy shaxslarning hisoblariga xizmat koʻrsatmasligi, pul mablagʻlarini deklaratsiyalash bilan shugʻullanmasligi va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirmasligini eslatib oʻtdi. Bank jismoniy shaxslar bilan messenjerlar, elektron pochta yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali yozishmalar olib bormaydi. Firibgarlikka duch kelganda, QMB huquq-tartibot organlariga yoki 1477 raqami orqali bankning aloqa markaziga murojaat qilishni tavsiya etadi.