Qozogʻiston Milliy banki jismoniy shaxslar uchun kompaniyalar va koʻchmas mulk obyektlaridagi raqamli ulushlarni sotib olish miqdorini cheklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda regulyator raisi oʻrinbosari Binur Jalenovning Kazinform agentligiga bergan intervyusiga tayanib, Kapital.kz xabar bermoqda.
Binur Jalenovning soʻzlariga koʻra, boshlangʻich bosqichdagi cheklovlar chakana investorlarni bozor xatarlaridan himoya qilish uchun zarur. Tenge hisobidagi limitlarning aniq miqdori hozircha ochiqlanmagan. Tokenlarni sotib olish imkoniyati litsenziyaga ega platformalar va odatiy toʻlov ilovalari orqali tashkil etiladi.
Raqamli moliyaviy aktivlar platformasi va raqamli aktivlar savdo platformasi operatori maqomini olgan Qozogʻiston fond birjasi (KASE) joylashtirish maydonchasi sifatida ishtirok etmoqda. Yaqin vaqt ichida birinchi raqamli chiqarilishlar investorlar uchun ochiq boʻlishi kutilmoqda. Avvalroq Finteqstan Qozogʻiston Respublikasi Milliy banki KASE'da tokenlashtirilgan shakldagi qisqa muddatli notalarni joylashtirgani haqida yozgan edi.
Milliy bank “Bayterek” xoldingi va “Samruk-Qazyna” jamgʻarmasi bilan birgalikda investitsiya kiritish uchun loyihalar roʻyxatini shakllantirmoqda. Birinchi bosqichda asosiy eʼtibor yirik infratuzilma, logistika va qurilish obyektlariga qaratilgan.
Boshlangʻich pilot sifatida Alatau City’dagi loyihalar koʻrib chiqilmoqda: tokenlashtirish hajmi 50 mln dollargacha boʻlgan Iconic Tower koʻp tarmoqli majmuasi va 10 mln dollargacha boʻlgan Birlik logistika markazi.
Shu bilan birga, regulyator xalqaro texnologik kompaniyalar tomonidan qiziqish bildirilayotganini qayd etmoqda. Ular Milliy bankda hisob roʻyxatidan oʻtish bosqichida boʻlib, xomashyo resurslarini, jumladan neftni tokenlashtirish boʻyicha loyihalarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda.