1-iyul kuni ishga tushirilganidan buyon Qozogʻistonning Kaspi.kz platformasidagi Kasper nomli shaxsiy AI-yordamchisidan bir million mijoz foydalandi.
Bu haqda Kazakhstan Growth Forum doirasida Kaspi.kz rahbari va hammuassisi Mixail Lomtadze maʼlum qildi. Kasper mijozlarga Kaspi Magazinda xaridlarni amalga oshirishda yordam beradi: mijoz oʻz ehtiyojini oddiy soʻzlar bilan tushuntiradi, yordamchi esa talablarga oydinlik kiritadi, tovarlarni oʻzaro taqqoslaydi va ularning xususiyatlarini tushuntirib beradi.
Lomtadze mijozlar tomonidan xizmatdan takroran foydalanish jamoa uchun asosiy koʻrsatkich ekanini alohida taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, koʻplab mijozlar har kuni unga qaytmoqda, bu esa odamlarning odatiy xatti-harakatlarini oʻzgartiradigan yangi mahsulotni baholashda ayniqsa muhimdir. Kompaniya mijozlarning boshqa kundalik vazifalarini hal qilish uchun Kasper imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.