kapital.kz maʼlumotlariga koʻra, Qozogʻiston parlamenti Qatar bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik boʻyicha hukumatlararo bitimni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ikki oʻqishda qabul qildi.
Bitim 2024-yil 29-oktabrda Dohada imzolangan edi. Hujjat ikki mamlakat vakolatli organlarining hamkorlik mexanizmlari va axborot almashish tartibini belgilaydi.
Tomonlar tezkor maʼlumotlar almashish va qidiruvdagi shaxslar haqidagi maʼlumotlarni tekshirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Hamkorlik jinoiy ish qoʻzgʻatilishidan oldin ham boshlanishi mumkin. Bitim, shuningdek, qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazish, kasbiy tajriba va texnologiyalar bilan almashish hamda kiberjinoyatlar va noqonuniy daromadlarni legallashtirish boʻyicha mutaxassislar malakasini oshirishni nazarda tutadi.
Ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sanjar Adilovning soʻzlariga koʻra, agar soʻrov suverenitetga, xavfsizlikka zarar yetkazishi mumkin boʻlsa yoki ichki qonunchilikka zid kelsa, tomonlar yordam koʻrsatishni rad etishlari mumkin. Qozogʻiston Fransiya, Italiya, Xitoy, Turkiya va BAA kabi 23 ta davlat bilan shunday bitimlar tuzgan.