Qozogʻistonning «Qazaqstan temir joli» milliy kompaniyasi oʻz aksiyalarini bir vaqtning oʻzida Gonkong va London fond birjalarida, shuningdek, «Ostona» xalqaro moliya markazi birjasida joylashtiradi.
Bu haqda boshqaruv raisi Nurlan Jaqupovning Hong Kong Exchanges and Clearing Limited hamda China International Capital Corporation vakillari bilan uchrashuvidan soʻng «Samruk-Qazyna» jamgʻarmasi maʼlum qildi. Iyun oyi oxirida KTJ HKEX birjasiga listing uchun ariza topshirgan edi. Avval eʼlon qilingan rejalarga koʻra, kompaniya qariyb 1 mlrd dollar jalb qilishi mumkin, investorlarga 25% gacha aksiyalar taklif etilishi mumkin. Joylashtirishdan tushgan mablagʻlar qarzning bir qismini toʻlashga hamda temiryoʻl infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha investitsiya dasturini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.