Qozogʻistonda faoliyat yuritayotgan sugʻurta tashkilotlari uchun alohida kompaniya ochmasdan, «islomiy darchalar» mexanizmi orqali islomiy sugʻurta mahsulotlarini taklif qilish imkoniyati koʻzda tutilgan.
Tashabbus Sugʻurta bozorini 2030-yilgacha rivojlantirish dasturiga kiritilgan. Ushbu mexanizm sugʻurtachilarga ishtirokchilar mablagʻlari, aktivlar, majburiyatlar, daromadlar va xarajatlarning alohida hisobini yuritgan holda mavjud tashkilot doirasida takaful yoʻnalishini rivojlantirish imkonini beradi.
Islomiy sugʻurtaning qonunchilik bazasi Qozogʻistonda 2015-yildan beri amal qiladi, biroq mamlakatda ixtisoslashtirilgan islomiy sugʻurta tashkilotlari tashkil etilmagan. Bunga alohida yuridik shaxs tuzish va alohida litsenziya olish zarurati sabab qilib koʻrsatilmoqda. Takaful-jamgʻarma mablagʻlarini investitsiya qilish shariat tamoyillariga mos keladigan aktivlarga yoʻnaltiriladi.