Qozogʻiston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi, Freedom Holding Corp. hamda Citi korporatsiyasi Freedom AI Super Cluster hisoblash markazini qurish boʻyicha kelishib oldi. Infratuzilma neyrotarmoqlar va murakkab analitik modellar bilan ishlashga moslashtiriladi.
Nima yuz berdi
Uch tomonlama memorandum Xorijiy investorlar kengashi yigʻilishida imzolandi. Bu haqda vazirlikka tayanib Kursiv.kz xabar bermoqda.
Hamkorlikning asosiy maqsadi — davlat sektori, biznes va ilm-fan uchun baza boʻladigan yangi turdagi ma’lumotlar markazini yaratish. Loyiha standart protsessorli hisoblashlardan (CPU) mashinali oʻqitish uchun zarur boʻlgan grafik tezlatkichlar (GPU) bazasidagi klasterlarga oʻtishni nazarda tutadi.
Citi loyihani moliyalashtirish uchun xalqaro kapitalni jalb qilishni rejalashtirmoqda, Freedom Holding esa texnologik va operatsion hamkor sifatida ishtirok etadi.
Mamlakat va bozor
Qozogʻiston hisoblash quvvatlari taqchilligi muammosini hal qilishga urinmoqda. Freedom Holding Corp. rahbari Timur Turlovning ta’kidlashicha, yuqori narx va AQShning eksport cheklovlari tufayli hozirda SI (sun’iy intellekt) uchun serverlarni jismonan sotib olish qiyin. Shu bilan birga, ma’lumotlarni mahalliy qayta ishlashga boʻlgan talab oʻsib bormoqda.
Moliya tashkilotlari va davlat platformalari nozik ma’lumotlarni xorijiy serverlarga uzata olmaydi. Yangi klaster shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish boʻyicha Qozogʻiston qoidalariga muvofiq ishlaydi. Bu banklarga mamlakat ichida skoring va antifrod uchun ogʻir SI-modellaridan qonuniy foydalanish imkonini beradi.
Bunga parallel ravishda xolding Data Embassy — ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash uchun xavfsiz yurisdiksiyaga muhtoj boʻlgan xorijiy mijozlarni jalb qilish infratuzilmasini qurmoqda.
Bu nima uchun muhim
Mahalliy GPU-quvvatlarisiz fintex va raqamli davlat xizmatlarining rivojlanishi apparat cheklovlariga borib taqaladi.
Suveren SI-klasteriga kirish Qozogʻiston banklarining xorijiy bulutli provayderlarga qaramligini kamaytiradi va generativ tarmoqlarni real moliyaviy mahsulotlarga joriy etishni tezlashtiradi.
Uskunalardan tashqari, memorandum raqamli aktivlar ekotizimini rivojlantirishga ham daxldor. Ishtirokchilar blokcheyn asosidagi transchegaraviy hisob-kitoblarni va raqamli bankingning yangi formatlarini sinovdan oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
Nima kutilmoqda
Superklasterning birinchi bosqichini ishga tushirish 2027-yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan. Ikkinchi va uchinchi bosqichlar 2027–2028-yillar davomida foydalanishga topshiriladi. Avvalroq, 2025-yil kuzida Freedom Holding NVIDIA bilan hamkorlikda qiymati qariyb 2 mlrd dollarlik ixtisoslashtirilgan SI-markazini yaratish rejalari haqida ma’lum qilgan edi. Joriy memorandum ushbu rejalarni global moliyalashtirishni jalb qilgan holda amaliy amalga oshirish bosqichiga oʻtkazadi.