spot.uz maʼlumotlariga koʻra, 29-sentabr kuni eksportchilar bilan oʻtkazilgan muloqotda biznes onlayn bankomatlar orqali naqd pul kiritish uchun hozirda summa miqdorining 1 foizini tashkil etayotgan komissiyani pasaytirishni taklif qildi.
Izobubble kompaniyasi direktori Sherzod Xolmatov komissiya sababli mijozlar bankomatlar orqali pul kiritishdan bosh tortayotganini maʼlum qildi. 200 mln soʻm kiritilganda banklar 2 mln soʻm komissiya undirmoqda. Xolmatov oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish operatsiyasida bank katta xarajatlarga duch kelmasligini taʼkidlab, tarifni qayta koʻrib chiqishni taklif etdi.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Abror Mirzo Olimov regulyator tijorat banklari uchun komissiya miqdorini belgilay olmasligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, banklar tariflarni shakllantirishda bankomatlarga xizmat koʻrsatish, ularning ijarasi va yetkazib berilishi, naqd pul inkassatsiyasi hamda elektr energiyasi xarajatlarini hisobga oladi. Olimov komissiyani optimallashtirish mumkinligini istisno etmadi, biroq xizmatni bepul qilishning, ehtimol, imkoni boʻlmasligini bildirib, optimallashtirish varianti boʻyicha taklif kiritishga vaʼda berdi.
