Oʻzbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) mamlakatda birinchi marta xorijiy valyutadagi korporativ obligatsiyalar chiqarilishini roʻyxatdan oʻtkazdi. Maxsus huquqiy rejim doirasida Asia Alliance Bank 20 mln dollarlik emissiya emitenti boʻldi.
Joylashtirish fond birjasida ochiq obuna orqali amalga oshiriladi, bitta qogʻozning nominal qiymati 100 dollarni tashkil etadi. Bu haqda regulyator maʼlumotlariga tayanib Spot xabar bermoqda. Bank iyul oyi oxirida NAPPning regulyator «qumdon»i ishtirokchisiga aylanib, emissiya huquqini qoʻlga kiritgan edi.
Valyuta obligatsiyalari mexanizmi hozirda cheklangan doiradagi moliya kompaniyalarida sinovdan oʻtkazilmoqda. Avgust oyi oʻrtalariga kelib, «qumdon»ga 20 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, yettita tijorat banki, investitsiya vositachilari va mikromoliya tashkilotlari kirdi. Avvalroq Agat Credit MMT 10 mln dollarlik tajriba valyuta bondlarini chiqarish rejalari haqida maʼlum qilgan edi.
2026-yil bahorida tasdiqlangan NAPP qoidalariga koʻra, bitta kompaniya muomalada 50 mln dollardan oshmaydigan miqdorda valyuta obligatsiyalariga ega boʻlishi mumkin. Taʼminlanmagan qogʻozlarni faqat oʻz kapitali doirasida chiqarishga ruxsat etiladi. Agar emissiya hajmi ushbu chegaradan oshsa, kompaniya taʼminot — pul, bank kafolatlari, sugʻurta polislari yoki koʻchmas mulk taqdim etishi shart. Bunda taʼminotdagi koʻchmas mulk ulushi 50 foizdan oshmasligi kerak.
Jismoniy shaxslar uchun regulyator infratuzilma filtrini oʻrnatdi: ular bunday aktivlarni faqat bank tizimi orqali sotib olishlari mumkin.
Oʻzbekiston bank sektorida balanslarni devalyutizatsiya qilish va foydaning oʻsishi fonida, valyuta bondlarining ishga tushirilishi mahalliy oʻyinchilarga mamlakat ichida moliyalashtirishni jalb qilish va chakana savdo hisobiga investorlar bazasini diversifikatsiya qilish uchun qonuniy vositani taqdim etadi.
