Qozogʻiston Moliyaviy monitoring agentligi Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston fuqarolarining bank hisoblari orqali onlayn-kazino toʻlovlarini amalga oshirish uchun drop-fermalar tashkil etgan transmilliy guruhlar faoliyatiga chek qoʻydi.
Chet elliklarga JSHSHIR (IIN), SIM-kartalar va bank hisoblari rasmiylashtirilib, shundan soʻng avtorizatsiyadan oʻtgan bank ilovalari oʻrnatilgan mobil qurilmalar drop boshqaruvchilariga topshirilgan. Moliyaviy oqimlarni boshqarish uchun P2P-platformadan foydalanilgan, oʻzaro hisob-kitoblar jumladan kriptovalyutada ham amalga oshirilgan.
Turkiston viloyati va Olmaotada Qozogʻistonning 89 ta bank kartasidan foydalangan uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olindi. Nazorat ostidagi kartalar boʻyicha operatsiyalar hajmi 500 mln tengeni tashkil etdi. Jambul viloyatida kartalar boʻyicha aylanmasi 9,8 mlrd tenge boʻlgan yana bir guruhning faoliyatiga chek qoʻyildi. 180 ta bank kartasi, 15 ta drop-telefon, 26 ta SIM-karta, 50 ming dollar, 27 ming USDT, toʻrtta avtomobil, qurol va oʻq-dorilar musodara qilindi. Besh nafar gumondorga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllandi.