Yilning dastlabki olti oyida Oʻzbekiston aholisi xorijiy AI-xizmatlari obunalariga qariyb 113 mlrd soʻm sarfladi. Ilk bor eng yirik xorijiy IT-yetkazib beruvchilar oʻnligiga an’anaviy koʻngilochar platformalarni siqib chiqarib, birdaniga uchta neyrotarmoq ishlab chiquvchisi kirdi.
Nima yuz berdi
Oʻzbekistonda QQS toʻlaydigan xorijiy internet-kompaniyalar yarim yil ichida 1,2 trln soʻmlik raqamli xizmatlar koʻrsatdi. Bu oʻtgan yilning mos davridagi koʻrsatkichlardan 83 foizga koʻpdir.
Skartariss Telegram-kanali muallifi e’tibor qaratganidek, top-10 xorijiy yetkazib beruvchilar qatoriga ilk bor faqat sun’iy intellektga ixtisoslashgan uchta kompaniya kirdi:
- Anthropic (Claude ishlab chiquvchisi);
- OpenAI (ChatGPT yaratuvchisi);
- Anysphere (Cursor kod muharriri ishlab chiquvchisi).
Jami boʻlib ushbu uchta xizmat 113 mlrd soʻmlik xizmatlar koʻrsatdi. Oʻrtacha hisobda oʻzbekistonliklar ularning mahsulotlariga har oyda qariyb 1,5 mln dollar sarflamoqda. Shu bilan birga, Anthropic mamlakatdagi tushum hajmi boʻyicha OpenAI’dan oʻzib ketdi.
Mamlakat va bozor
Tarixan Oʻzbekistonda xorijiy raqamli xizmatlarga xarajatlar reytingining yuqori qatorlarini koʻngilochar, aloqa va oʻyin platformalari — Netflix, Zoom, Xsolla egallab kelgan.
Topda birdaniga uchta AI-kompaniyasining paydo boʻlishi, ulardan biri (Cursor) dasturchilar uchun tor ixtisoslashgan ishlab chiqish muhiti ekanligi, iste’mol tarkibining oʻzgarishidan dalolat beradi. Foydalanuvchilar nafaqat kontent uchun, balki unumdorlikni oshiruvchi vositalar uchun ham pul toʻlashni boshlamoqda.
Nima uchun bu muhim
Raqamlar mamlakatni raqamlashtirishdagi sifat oʻzgarishini tasdiqlaydi. Pullik neyrotarmoqlarni kundalik ishiga integratsiya qiladigan mutaxassislar avlodi oʻsib bormoqda.
Bozor koʻngilochar kontent iste’molidan professional vositalarni xarid qilishga oʻtmoqda, bu esa Oʻzbekistonda IT-sektori va dasturchilar sonining oʻsishini bevosita aks ettiradi.
Nima kutilmoqda
Mahalliy fintex uchun bu yangi yirik nisha shakllanayotganidan darak beruvchi signaldir. Banklar va toʻlov xizmatlari xorijiy AI-obunalari toʻloviga oʻsib borayotgan talabga oʻz mahsulotlarini moslashtirishi, tranzaksiyalarning qulay yoʻnalishlarini yoki IT-kompaniyalar uchun maxsus B2B-yechimlarni taklif qilishi kerak boʻladi.