24.kg maʼlumotlariga koʻra, Qirgʻiziston Milliy banki jinoiy daromadlarni legallashtirishga va jinoiy faoliyatni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qoidabuzarliklar uchun ikkita toʻlov tashkilotiga jami 6,2 mln som miqdorida jarima soldi.
Jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror Milliy bankning Nazorat qoʻmitasi tomonidan qabul qilindi. Birinchi tashkilot xalqaro elektron pul oʻtkazmalarini amalga oshirishda mijozlarni lozim darajada tekshirish tartibini buzganligi uchun 5,4 mln som miqdorida jarimaga tortildi.
Ikkinchi tashkilot esa ishbilarmonlik munosabatlarini oʻrnatishda va xalqaro elektron pul oʻtkazmalarini amalga oshirishda mijozlarni tekshirishdagi qoidabuzarliklar uchun 804 ming som miqdorida jarimaga tortildi. Milliy bank jarimaga tortilgan tashkilotlarning nomlariga oydinlik kiritmadi.