Elkart milliy toʻlov tizimi va Mastercard hamkorlik toʻgʻrisida memorandumni imzoladi hamda qirgʻizistonliklarga xorijda oʻz Elkart hisobidan toʻlovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi qoʻshma kartani yaratishni rejalashtirmoqda.
13-noyabr kuni «Banklararo protsessing markazi» YoAJ (Elkart operatori) va Mastercard raqamli toʻlovlar, fintex va kiberxavfsizlikni rivojlantirish boʻyicha memorandum imzoladi. Hujjatni Mastercard kompaniyasining Qirgʻiziston va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha bosh direktori Sanjar Jamalov hamda BPM boshqaruvi raisi Altymysh Turatbekov imzoladilar.
Ilk loyiha «Elkart–Mastercard» raqamli kobeydjing kartasi boʻladi. U ikki toʻlov tizimini birlashtiradi: Qirgʻizistonda Elkart infratuzilmasi orqali, xorijda esa 200 milliondan ortiq savdo nuqtalaridan iborat Mastercard tarmogʻi orqali ishlaydi. Integratsiya mamlakat tijorat banklari tomonidan chiqarilgan 3,2 milliondan ortiq kartani qamrab oladi. Karta egalari ularni Apple Pay, Google Pay va Garmin Pay xizmatlariga ulashlari mumkin boʻladi, mablagʻlar esa amaldagi Elkart hisobidan yechib olinadi. Kartalardan xorijiy doʻkonlar, internet-maydonchalarda toʻlov qilish, mehmonxonalarni bron qilish va aviachiptalarni xarid qilish uchun foydalanish mumkin boʻladi.