24.kg maʼlumotlariga koʻra, Qirgʻizistonning davlatga qarashli “Eldik Bank”i 2026-yil oxirigacha yuanda obligatsiyalar chiqarish orqali 500 mln dollargacha mablagʻ jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bank boshqaruvi raisi Ulanbek Nogayev Bloomberg nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Bank rahbarining soʻzlariga koʻra, gap Gonkongda “dim-sam” obligatsiyalarini (yuanda nominallangan va materik Xitoydan tashqarida sotiladigan) joylashtirish haqida bormoqda. Joylashtirish dekabr oyida boʻlib oʻtishi mumkin, hozirda asosiy investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. 2027-yil uchun bank dollar obligatsiyalarining yangi emissiyasini koʻrib chiqmoqda.
Bunga parallel ravishda “Eldik Bank” London fond birjasida aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirishga (IPO) tayyorgarlik koʻrish uchun korporativ tarkibiy oʻzgarishlarni boshladi. Birjaga chiqish dastlabki tarzda 2028-yilga moʻljallangan. IPO davomida davlat bank aksiyalarining 20 foizigacha boʻlgan qismini investorlarga sotishi mumkin, deb taʼkidlaydi Frank Media Bloomberg maʼlumotlariga tayanib.
2026-yil aprel oyida bank allaqachon xalqaro kapital bozoriga chiqqan edi. Oʻshanda u 500 mln dollarlik debyut besh yillik yevroobligatsiyalarni joylashtirdi. Investorlar tomonidan talab 1 mlrd dollardan oshdi, buyurtmalar kitobida esa 80 dan ortiq xalqaro institutlar ishtirok etdi.
Bankning rejalari sanksiya ostidagi Rossiyaning A7 toʻlov tizimi bilan aloqalari borligi haqidagi ayblovlar tufayli Qirgʻiziston banklariga qaratilgan eʼtibor fonida paydo boʻldi. Nogayev bank A7 bilan hamkorlik qilmaganini, sanksiya nazoratini tekshirish uchun esa Dentons, Kroll va EY kompaniyalarini jalb qilganini taʼkidladi.